
Bugun Konyadagi "Grand Millenium" mehmonxonasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi rahbariyati, Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov Islom birdamligi sport federatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Al-Garnas bilan uchrashdi.

Uchrashuvda vazir o‘rinbosari Sh.Mahmudov yildan yilga Islom birdamligi sport federatsiyasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan tadbirlarning nufuzi ortib borayotgani, jumladan O‘zbekiston tomoni ham Islom birdamligi o‘yinlariga katta qiziqish bilan qarayotgani, buning isboti sifatida mamlakatimiz Turkiyaga oldingi o‘yinlarga nisbatan ancha katta delegatsiya bilan kelganini alohida ta'kidladi.

Shuningdek Shaxrullo Sharipovich O‘zbekiston Islom birdamligi sport federatsiyasi bilan hamkorlikda o‘yinlar dasturiga kiritilgan turlar bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazishga tayyorligini ham aytib o‘tdi. Bunga misol tariqasida 2020 yilning fevral oyida Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha Islom birdamligi o‘yinlari zo‘r muvaffaqiyat bilan tashkil etilganini yodga oldi.

O‘z navbatida Oybek Kasimov davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda yirik nufuzli sport musobaqalarini o‘tkazishga alohida ahamiyat qaratilayotganini ma'lum qilib, bunga dzyudo bo‘yicha joriy yil oktyabr oyida Toshkentda bo‘ladigan jahon chempionati, 2023-yili tashkil etiladigan boks bo‘yicha jahon chempionati, Toshkent-2025 o‘smirlar yozgi Osiyo o‘yinlari kabi musobaqalarni misol keltirdi. Bu borada Islom birdamligi sport federatsiyasi bilan hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli ekanini bildirdi.

Uchrashuvda Muhammad Al-Garnas ham yurtimizda sportga berilayotgan e'tiborni yuqori baholadi. Xususan, V Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi ayni paytda umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy olib turgani, atletlarimiz qayd etayotgan natijalar esa mutaxassislarni hayratga solayotganini e'tirof etdi. Shu bilan birga bo‘lajak musobaqalarda yurtimiz sportchilariga omadlar tiladi.

Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro sovg‘alar almashdi.










