Turkiyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining oqilona siyosati tufayli mamlakat iqtisodiyoti katta o'sishga erishdi
ANQARA, 6-may. /"Dunyo" AA/. "EkoAvrasya" Yevroosiyo iqtisodiy munosabatlari jamg'armasi boshqaruvining raisi Hikmet Eren "Dunyo" AA uchun intervyusida poytaxtimizda 2-3-may kunlari bo'lib o'tgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumining (TXIF) ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– O'zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy davlat bo'lib, Buyuk ipak yo'li bo'ylab Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari o'rtasidagi transport, savdo va energetika yo'laklari tutashgan joyda joylashgan. Shu munosabat bilan Toshkent xalqaro investitsiya forumi qisqa vaqt ichida nafaqat O'zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun keng ko'lamli tadbirlardan biriga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, umuman, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oxirgi uch yilda jahon iqtisodiyotining o'sish sur’atlari pasayish tendensiyasi kuzatilayotganiga va to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiyalar hajmining qisqarishiga qaramay, davlatingiz rahbarining oqilona siyosati tufayli mamlakat iqtisodiyoti katta o'sishga erishdi. Jumladan, O'zbekistonda tovar ayirboshlash ko'rsatkichlari oshib bormoqda, valyuta bozori barqarorligi va mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari mustahkamlanmoqda.
O'zbekiston rahbari poytaxtingizda bo'lib o'tgan III Toshkent Xalqaro investitsiya forumining ochilishida ta’kidlaganidek, so'nggi yillarda O'zbekistonda 60 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o'zlashtirildi, ijtimoiy sohaga xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag'lari jalb etildi.
Ta’kidlash joizki, bu ko'rsatkichlar O'zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligidan, xalqaro moliya va biznes tuzilmalarining davlatingiz rahbari rahnamoligida respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy o'zgarishlarga ishonchidan dalolat beradi.
Ishonchim komilki, forum davomida O'zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan investorlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha takliflar O'zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarning yanada o'sishiga kuchli turtki bo'lib xizmat qiladi.