Germaniyadan munosabat: O'zbekiston uchun Turkiya bilan hamkorlikning yanada mustahkamlanishi muhim ahamiyat ega
BERLIN, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Bayroyt universiteti professori Markus Fidler "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6-iyun kuni Turkiyaga bo'lib o'tgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarni bildirdi:

– Tashrif O'zbekiston tashqi siyosatida muhim o'rin tutadi. Yaqinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham O'zbekistonga tashrif buyurgan edi. Fikrimcha, bu kabi o'zaro tashriflar O'zbekistonning xalqaro maydonda olib borayotgan muvozanatli va ko'p qirrali tashqi siyosatidan dalolat beradi.
Ikki xalq orasidagi ko'p asrlik tarixiy va etnik-madaniy yaqinlik mamlakatlar o'rtasidagi uzviy hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi. 1991-yilda Turkiya O'zbekistonni mustaqillikka erishganidan so'ng tan olgan birinchi davlat bo'lgani bunga yaqqol misoldir.
2009-yilda tashkil etilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) O'zbekiston 2019-yilda a'zo bo'lish uchun rasman ariza bergani turkiy davlatlar o'rtasidagi hamkorlikning muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari ishtirokida qishloq xo'jaligi, energetika, madaniyat, turizm, hududiy rivojlanish, kosmik fanlar, texnologiyalar va boshqa sohalarni qamrab olgan 19 ta hujjat imzolangani tashrif davomida ko'p tomonlama hamkorlikka tamal toshi qo'yilganidan dalolat beradi deb hisoblayman.
2016-yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohot va o'zgarishlar davrida O'zbekiston uchun Turkiya bilan hamkorlikning mustahkamlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. O'zbekistonning pragmatik tashqi siyosati ko'p qirrali strategik sheriklik orqali iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Turkiya ham bu borada mintaqadagi muhim mamlakat sifatida keng imkoniyatlar taqdim eta oladi.
Xulosa o'rnida aytishim mumkinki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlab qolmay, xalqaro miqyosda ham ko'p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini ochadi.