Turkiyaning Bursa shahridagi O'zbek tili va madaniyati markazi rahbari Alisher Navoiy nomidagi ko'krak nishoni bilan taqdirlandi
ISTANBUL, 5-mart. /"Dunyo" AA/. Avval ma'lum qilingandek, Turkiyaning Bursa shahridagi Uludag' universitetida Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va madaniyati markazi ochildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Markaz Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan davlatimiz rahbarining Alisher Navoiy ijodini keng targ'ib etish, buyuk allomaning ma'naviy va ma'rifiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi tashabbuslarini amalga oshirish vazifalari doirasida tashkil etildi.
Markazga Anqaradagi Hoji Bayram Veli universitetining san'at tarixi yo'nalishi doktoranti Surayyo Xo'jayeva rahbar etib tayinladi.
Shuningdek, Surayyo Xo'jayeva Navoiy ijodini turkiy dunyo vakillari, xususan Turkiyadagi vatandoshlarimiz, ayniqsa talaba yoshlar orasida ommalashtirish, o'zbek tili va adabiyotining jozibadorligini namoyish etish, turkiy xalqlar o'rtasidagi mushtarak madaniy, ma'naviy va ma'rifiy qadriyatlarni mustahkamlashga bag'ishlangan ijodiy tadbirlarni tashkil etishda alohida namuna ko'rsatgani uchun Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ta'sis etilgan Alisher Navoiy nomidagi ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Hamyurtimizga ushbu mukofotni O'zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli Sherzod Abdunazarov topshirdi.