"Ayqulash" Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli Istanbulda o'tkazilgan xalqaro festivalda ikkita nominatsiyada g'olib bo'ldi
ISTANBUL, 5-avgust. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 24-iyul - 4-avgust kunlari Istanbul shahrining Buyukchekmeje tumanida xalqaro madaniyat va san'at festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yigirma beshinchi marotaba tashkil etilgan festivalda 75 ta davlat vakillari ishtirok etdi. Unda O'zbekiston nomidan "Ayqulash" Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli qatnashdi. Tadbirning ochilish marosimida Istanbul viloyat gubernatori Ekrem Imomo'g'li ishtirokchilarni qutladi.
"Ayqulash" folklor ansambli tomonidan ijro etilgan o'zbek va qoraqalpoq milliy qo'shiqlari, kuy va raqslari barcha yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Festivalda ishtirok etgan mamlakatimiz Bosh konsulxona diplomatlari o'z taqdimotlarida O'zbekistonning turistik jozibadorligi, Samarqand, Buxoro, Farg'ona, Termiz va Xiva kabi shaharlarimizdagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolar haqida so'zlab berdilar. O'zbekistonda sayyohlik sohasini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, turistlar oqimini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, turkompaniyalarga taqdim etilayotgan imtiyozlar, xorijiy mehmonlarning xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarga alohida urg'u berildi.
Quvonarlisi, "Ayqulash" Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli festival yakuniy natijalariga ko'ra, "Eng yaxshi ansambl" va "Eng yaxshi sozanda" nominatsiyalarida g'oliblikni qo'lga kiritdi.