Turkiyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining Qozog'istonga davlat tashrifi natijalari qo'yilgan maqsadlarga erishishda kuchli rag'bat bo'lib xizmat qiladi
ANQARA, 10-avgust. /"Dunyo" AA/. "RUSEN" Rossiya va MDH mamlakatlarini o'rganish markazi direktori Solih Yilmaz (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog'istonga buyurgan davlat tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:

–Tashrif ikki davlat o'rtasidagi yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishga intilishi yuksak darajada ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
Ta'kidlash kerakki, O'zbekiston va Qozog'iston yetakchilarining uchrashuvlaridagi eng muhim jihatlaridan biri — bu Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi o'tkazilgani bo'ldi. Unda tomonlar Parlamentlararo forumni ta'sis etish, Ekspertlar kengashining qizg'in ishini davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2024-2034-yillarga mo'ljallangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilindi.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyati to'g'risidagi tomonlarning kelishuvi ikki davlatning foydalanilmagan iqtisodiy salohiyatidan to'liq foydalanishga qat'iy qaror qilganidan dalolat beradi.
Bu yo'nalishda transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega. Chunki aynan transport-logistika sohasi ikki davlatning geostrategik pozitsiyasidan kelib chiqqan holda O'zbekiston-Qozog'iston munosabatlarining muhim yo'nalishi hisoblanadi. Davlat rahbarlarining "Sian – Xorg'os – Olmaota – Sariyog'och – Toshkent" yo'nalishi bo'yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelish marosimida ishtirok etgani, xalqaro transport yo'nalishlarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirishga ko'maklashishga bo'lgan intilishning isboti bo'ldi.
O'zbekiston Prezidentining Qozog'istonga davlat tashrifi natijalari qo'yilgan maqsadlarga erishishda kuchli rag'bat bo'lib xizmat qilishiga ishonaman.