
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyining oxirida rasmiy tashrif bilan Turkiyaga boradi. Tashrif doirasida Strategik hamkorlik oliy kengashining toʻrtinchi yigʻilishini oʻtkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, davlatimiz rahbari 2023 yil fevral oyida sodir boʻlgan zilziladan eng koʻp zarar koʻrgan Hatay viloyatining Arsuz tumanida Oʻzbekiston tomonidan qurilgan turar joy majmualarini foydalanishga topshirish marosimida onlayn ishtirok etadi.
Oʻtgan yillar davomida ushbu hududlar keng koʻlamli tiklanish bosqichini bosib oʻtdi va Oʻzbekiston davlat rahbarining tashrifi infratuzilma va ijtimoiy hayotni qayta tiklash boʻyicha saʼy-harakatlarga alohida ramziy maʼno beradi, qardoshlik, strategik sheriklik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlarining chuqurligini taʼkidlaydi.
2023 yil fevral oyida Turkiya zamonaviy tarixidagi eng ogʻir fojialardan biriga duch keldi. Mamlakatning Janubi-Sharqiy hududlariga taʼsir koʻrsatgan kuchli zilzila koʻplab insonlarning qurbon boʻlishiga, turar joy mavzelari, ijtimoiy infratuzilma obyektlari va sanoat zonalarining keng koʻlamli vayron boʻlishiga olib keldi.
Hatay va Gaziantep viloyatlari tabiiy ofat markazida boʻlgan. Minglab oilalar boshpanasidan ayrildi, oʻn minglab odamlar oʻz uylarini tashlab ketishga majbur boʻldi. Xalqaro hamjamiyat fojiaга munosabat bildirdi va Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib hamdardlik bildirdi hamda amaliy yordam koʻrsatdi.
Oʻzbekiston ushbu murakkab pallada turkiy dunyo uchun qardosh mamlakat va Turkiyaning ishonchli strategik sherigi sifatida maydonga chiqdi. Qisqa vaqt ichida jabrlangan hududlarga Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining zamonaviy qutqaruv texnikalari bilan jihozlangan maxsus boʻlinmalari yuborildi. Oʻzbekistonlik qutqaruvchilar va tibbiyot brigadalari qidiruv-qutqaruv operatsiyalarida, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishda, gumanitar missiyalarda ishtirok etdi.
Dori-darmon, oziq-ovqat, eng zarur narsalar va boshqa insonparvarlik yuklari yetkazildi. Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Hatay va Gaziantepga tashrif buyurib, turk xalqiga qoʻllab-quvvatlash va hamjihatlik soʻzlarini bildirdi, turkiyalik hamkasblari bilan yordam koʻrsatish boʻyicha keyingi qadamlarni muhokama qildi.
Oʻzbekistonning zarar koʻrgan hududlarni tiklash boʻyicha uzoq muddatli saʼy-harakatlardagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega boʻldi. Xususan, Hatay viloyatining Arsuz tumanida Oʻzbekiston hukumati koʻmagida zilzila oqibatida uy-joyidan ayrilgan fuqarolar uchun moʻljallangan turar joy majmuasi bepul qurib bitkazildi. Ushbu loyiha bir martalik yordamdan tashqari amaliy hamjihatlik va insonparvarlik masʼuliyatining yaqqol ramziga aylandi.
Oʻzbekistonning bunday pozitsiyasi Turkiya bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha koʻp yillik yoʻlimizning mantiqiy davomidir. Ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 4 martda oʻrnatilgan boʻlib, Turkiya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan. Oʻshandan buyon Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlari siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va madaniy sohalarni qamrab olgan holda izchil rivojlanib bormoqda.
2017 yil oktyabr oyida Anqara shahrida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Qoʻshma bayonot imzolanganligi ikki tomonlama muloqotni rivojlantirishda muhim bosqich boʻldi. 2018 yil may oyida Toshkentda yana bir Qoʻshma bayonot imzolanib, uning asosida ikki mamlakat prezidentlari raisligida Oʻzbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashi tuzildi. Ushbu mexanizm asosiy yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun muhim institutsional platformaga aylandi. Kengashning birinchi yigʻilishi 2020 yil fevral oyida Anqara shahrida, ikkinchisi 2022 yil mart oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi, uning yakunlari boʻyicha munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi. Kengashning uchinchi yigʻilishi 2024 yil iyun oyida Anqara shahrida boʻlib oʻtdi va siyosiy muloqotning barqarorligi va dinamikasini tasdiqladi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti besh marta Turkiyaga tashrif buyurdi, Turkiya Prezidenti esa bir necha bor Oʻzbekistonga keldi, bu oliy darajadagi muloqotlar yuqori surʼatda oʻtayotganidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston va Turkiya siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy integratsiya, transport bogʻliqligini rivojlantirish va umumiy turkiy madaniy merosni asrab-avaylash tarafdori boʻlgan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarda alohida oʻrin tutadi. Shu maʼnoda, parlamentlararo aloqalar, jumladan, parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyati, qonun chiqaruvchi organlar rahbarlari oʻrtasidagi muntazam muloqotlar ham faol rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Siyosiy maslahatlashuvlarning 13 raundi oʻtkazildi, ulardan oxirgisi 2025 yil iyun oyida Anqarada boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston tomoni Turkiyadagi yirik xalqaro diplomatik tadbirlarda, jumladan, mintaqaviy va global kun tartibini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylangan Anadolu diplomatik forumida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklik barqaror oʻsish va diversifikatsiyani namoyish etmoqda. Turkiya Oʻzbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. 2023 yilda Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim imzolanib, ikki mamlakat biznesi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochildi. 2025 yil yakunlari boʻyicha oʻzaro savdo hajmi qariyb 3 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Investitsiya sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Shu bilan birga, sanoat, qurilish, energetika, toʻqimachilik va infratuzilma loyihalariga katta miqdorda investitsiyalar yoʻnaltirilmoqda. Transport yoʻlaklari faol rivojlanmoqda, temir yoʻl, avtomobil va aviaqatnovlar koʻpaymoqda, mamlakatlar oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlar haftasiga qariyb 100 taga yetdi.
Tarixiy ildizlar, til, anʼanalar va maʼnaviy meros mushtarakligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Turkiyada oʻzbek adabiyoti va madaniyatining buyuk namoyandalari merosiga katta hurmat bilan qaraladi. Anqarada Alisher Navoiy haykalining ochilishi, Abu Rayhon Beruniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va boshqa ulugʻ mutafakkirlarga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlarning oʻtkazilishi ana shu ehtiromning yorqin ifodasi boʻldi. Taʼlim forumlari, rektorlar uchrashuvlari, madaniyat festivallari, fan va sanʼat sohasida qoʻshma loyihalar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Shunday qilib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga boʻlajak tashrifi Oʻzbekiston–Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish yoʻlining davomi, shuningdek, jabrlangan mintaqalar bilan birdamlikning mantiqiy ishorasidir. U ikki qardosh xalqning ogʻir damlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlashga, turkiy dunyoning oʻzaro ishonchi, hurmati va mushtarak qadriyatlariga asoslangan kelajagini birgalikda qurishga tayyorligini taʼkidlaydi.
“Dunyo” AA