Savol: Men Turkiyada Turk fuqarosiga turmushga chiqmoqchiman.
Qanday hujjatlarni to`plashim kerak va ularni qaerga taqdim etishim kerak.
Javob: Bulg`uvchi turmush o`rtog`ingiz yashaydigan Turkiyadagi Nikoh Uyiga (Evlendirme Dairesi) quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1. O`zbekistonda doimiy yashash joyingizdagi FHDYo (ЗАГС) organidan turmushga chiqmagan (rasmiy nikoh qayd etilmagan) degan ma`lumotnoma olinadi.
Ushbu ma`lumotnomani O`zbekistondagi notarial idorada Turk tiliga tarjima qilinib-tasdiqlanadi va O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan APOSTIL (Apostille) shtampi qo`ydiriladi.
2. Tug`ilganlik haqidagi guvohnomangizning asli hamda Tug`ilganlik haqidagi guvohnomangizning nushasini O`zbekistondagi notarial idorada Turk tiliga tarjima qilinib-tasdiqlanadi va O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan APOSTIL (Apostille) shtampi qo`ydiriladi.
3. 6 dona rasm.
4. Pasport (ba`zi Turkiyadagi nikoh uylari Pasportni Turkiyadagi Notarial idorada rasmiylashtirilgan turkcha tarjimali notarial tasdig`ini ham talab qiladi).
5. Turkiyada belgilangan tartibda tibbiy ko`rikdan o`tganlik haqidagi ma`lumotnoma.
Talab qilinayotgan hujjatlar ro'yxati Turkiyaning turli viloyat va shaharlarida farq qilishi mumkin
Turkiya vakolatli idoralari talab qilgan hujjatlar O`zbekistondan notarial turk tiliga tarjima qilinib tasdiqlangan va Apostil shtampi qo`ydirilgan bo`lishi lozim.
Yuqorida belgilangan hujjatlar Turkiya vakolatli idoralari uchun 6 oygacha haqiqiy hisoblanadi
Savol: O`zbekiston fuqarolari vizasiz qancha vaqtgacha Turkiyada qolishlari mumkin ?
Javob: Turkiya Respublikasi Prezidentining 10.11.2018 yildagi 327 raqamli qarori asosida, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari Turkiyada har 6 oy (180 kun) ichida 90 kundan oshmagan muddatda Turist-Mehmon maqsadida vizasiz qolishi mumkin. 180 kunlik davrni hisoblash Turkiyaga ilk bor kirgan vaqtdan boshlanadi.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolari Turkiyada mehnat/ishlash, ta`lim/o`qish, davolanish, oilaviy birgalik va boshqa uzoq muddatda qolish maqsadlari uchun oldindan Turkiyaning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalaridan tegishli vizani rasmiylashtirish kerak.
Turkiyada 90 kun vizasiz qolish ishlash huquqini bermasligini e`tiborga olishingizni so`raymiz. Aks holda, Turkiya qonunlari bo`yicha huquqbuzarlarga nisbatan jiddiy pul jarimasiga tortish bilan Deportatsiya qilinishi hamda 5 yilgacha Turkiyaga kirishga taqiq quyiladi.
Savol: Turkiyada chet el fuqarolarining ishlashi (mehnat faoliyati bilan shug’ullanishi) uchun ruxsat olish tartib qoidasi qanday ?
Javob: Turkiya Respublikasining Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligidan olingan rasmiy ma’lumoti asosida, Turkiyada chet el fuqarolarining ishlashi (mehnat faoliyati bilan shug’ullanishi) bilan bog’liq ruxsat olish tartib qoidasi.
Turkiya Respublikasida chet el fuqarolarining ishlashi uchun ruxsat olishlari kerakligi va bu ish ruxsatlarining berilishi uchun amal qilinadigan tartib va asoslarining ma’lum qilingan Turkiyaning 4817 raqamli “Chet el fuqarolari uchun mehnat qilish ruxsatlari haqida”gi qonunning 4-moddasida, chet el fuqarolarining Turkiyada mehnat qilishdan (ishlashni boshlamasdan) oldin ruxsat olishlari kerakligi, ushbu qonunning 5-moddasida esa: muddatli ishlash ruxsatlarining, chet el fuqarosi bilan qilingan mehnat shartnomasi yoki mo’ljallangan ishning muddatiga ko’ra, aniq ish joyida yoki ishxonada va ma’lum bir maslakda ishlash uchun berilishi belgilangan.
Bunga ko’ra, chet ellik bir shaxsning Turkiyada mehnat faoliyati bilan shug’ullanish uchun mehnat qilish ruxsati olish talab qilinadi.
Turkiya Respublikasining Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligidan mehnat qilish ruxsati olish uchun, ishlashga mo’ljallangan va tomonlarning (ishchi va ish beruvchi) kelishuv shartiga ko’ra bir ish beruvchining Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligiga elektron ko’rinishda online sistemasi orqali mehnat qilish ruxsati olish maqsadida ariza bilan murojaat qilishi, elektron ko’rinishdagi online ariza murojaatidan keyin, mehnat qilish uchun ruxsat olish xujjatlarini vazirlikga yetkazishlari kerak.
Mehnat qilish ruxsati olish uchun kerakli bo’ladigan umumiy xujjatlar ro’yxati:
Turkiya ichida mehnat qilish ruxsatiga murojaat qilish uchun chet el fuqarosining kamida 6 oy muddatli Turkiyada yashash huquqini beruvchi hujjat (“ikamet”) ruxsati bo’lishi kerak.
Turkiyada yashash huquqini beruvchi hujjat (“ikamet”) ruxsati bo’lmagan hollarda, ish beruvchi shirkat bilan chet el fuqarosi o’rtasida qilingan shartnoma bilan birgalikda Turkiya Respublikasining chet ellardagi diplomatik vakolatxonalariga (masalan: O’zbekiston fuqarolari uchun Toshkentdagi Turkiya elchixonasiga) murojat qilishlari kerak.
Ishlashga ruxsat olish murojatlarning tartib va asoslari, shuningdek ish joylari (ish beruvchilar) va shirkat sheriklarining bilishi kerak bo’lgan batafsil va to’liq ma’lumotlar Turkiya Respublikasining Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligining internet sahifasida joylashtirilgan. www.yabancicalismaizni.gov.tr