
2022-yil 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari o‘zaro tabrik yo‘lladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov maktubida O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan izchil va ishonchli munosabatlarni qadrlashi, bu esa yaqin do‘st va vaqt sinovidan o‘tgan hamkor sifatida qaralishi qayd etilgan.
“Oliy darajada, parlamentlar, hukumatlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida yaqin siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi... Mamlakatlarimiz xalqaro tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qiladi, mintaqaviy va global masalalarga yondashuvlar o‘xshash”, — deyiladi O‘zbekiston TIV rahbari maktubida.
O‘z navbatida, Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chon Iy Yon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar alohida strategik sheriklik ruhida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa ko‘plab sohalarda jadal rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.
***
O‘zbekiston-Koreya hamkorligining huquqiy asosini 197 ta hujjat tashkil etadi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 11 ta yig‘ilishi va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 14 ta davrasi o‘tkazildi.