Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining OAV savollariga javoblari


O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining OAV savollariga javoblari

Ukrainada yuz berayotgan voqealar tufayli Vazirlikka ommaviy axborot vositalaridan ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Quyida ushbu savollar va ularga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanovning javoblari e’lon qilinmoqda.

1. Ayni paytda Ukraina hududida qancha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lib turganligi bo‘yicha ma’lumotlar mavjudmi?

Javob: O‘zbekiston RespublikasiningKiyev shahridagiElchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirda Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, fuqarolarimiz ro‘yxati yanada aniqlashtirilmoqda.

2. Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi fuqarolarimizni evakuatsiya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rmoqda?

Javob: Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi Elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Ukraina havo hududining yopilganini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va joyi ishlab chiqilmoqda.

Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning tegishli tashkilotlari bilan kelishilgan sari, O‘zbekiston fuqarolari Elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.

3. Ukraina hududida bo‘lib turgan va yordamga muhtoj fuqarolar, O‘zbekiston konsullikning qaysi telefon raqamlari orqali bog‘lanishlari mumkin?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi bilan bog‘lanish uchun: 

Telefon: +380 44 501 50 00, +380 44 501 41 81, +380 44 501 41 82, +380 44 501 41 83

Faks: +380 44 501 50 01

E-mail: embassy@uzbekistan.org.ua

Manzil: 01901, Ukraina, Kiyev shahri, Vladimirskaya ko‘chasi, 16-uy.

4. Ukrainada havo maydoni yopib qo‘yilgan. Bu mamlakatdagi O‘zbekiston fuqarolari asosan qaysi yo‘l orqali olib kelinadi?

Javob: Yuqorida aytib o‘tganimizdek, O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi Elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi ishlab chiqilmoqda. Shu maqsadda, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar orqali jo‘nab ketish yo‘nalishlari va keyingi borish manzillari o‘rganilmoqda.

5. Ukraina va Rossiyaning ayrim hududlariga chegaralangan aviaqatnovlar qachongacha davom etishi haqida ma’lumot bersangiz?

Javob: Ukraina rasmiylari mamlakat uzra havo hududi yopilganini e’lon qildi. Hozircha bu cheklovlarning qachongacha davom etishi noma’lum.

6. Urush holati chuqurlashadigan bo‘lsa, Ukrainadagi fuqarolarimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash rejalashtirilganmi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi, shak-shubhasiz, mazkur mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining maishiy masalalarini hal etish uchun zarur choralarni ko‘radi.

7. Ukrainada ro‘y berayotgan voqealarda mamlakatimiz fuqarolari orasida jabr ko‘rganlar bormi?

Javob: O‘zbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

8. Davolanishga borgan fuqarolarimiz, ya’ni operatsiya qilingan odamlar qanday yo‘l tutishi kerak?

Javob: O‘zbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, jarrohlik muolajasidan o‘tayotgan hamyurtlarimizdan murojaatlar kelib tushmagan, Truskavets shahrida sanatoriylarda davolanayotganlar bundan mustasno.

Ukraina tibbiyot muassasalari tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z ishlarini davom ettirmoqda.