Senatda O'zbekistonning Turkiya va Ozarbayjondagi elchilarining hisobotlari eshitildi
TOSHKENT, 20-fevral. /"Dunyo" AA/. Kecha bo'lib o'tgan Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasi majlisida O'zbekistonning Turkiya va Ozarbayjondagi elchilarining hisobotlari eshitildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, tadbirda senatorlar, mahalliy Kengashlari deputatlari, mas'ul vazirlik va idoralar, davlat kompaniyalari rahbarlari, mahalliy ijro hokimiyat organlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Eshituvlar O'zbekiston Prezidenti raisligida shu yil 18-yanvar kuni o'tkazilgan selektor majlisidagi chuqur tahlillar asosida shakllangan vazifa va topshiriqlar ijrosi yuzasidan Parlament nazoratini o'rnatish doirasida tashkil etildi.
Bunda oliy darajadagi tashriflar natijasida qabul qilingan «yo'l xaritalari»dagi loyihalarni o'z vaqtida va sifatli amalga oshirishni ta'minlash muhokama markazida bo'ldi. Ochiq va holisona muhokama davomida «yo'l xaritalari»ning ijrosiga tegishli masala va muammolar tanqidiy ko'rib chiqildi.
Turkiya davlati bilan hamkorlikda 2023-yilda 1,2 milliard dollar to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jalb etilganligi, ushbu davlat kompaniyalari ishtirokida 300 dan ortiq yangi korxonalar tashkil topganligi e'tirof etildi.
Shu bilan birga, senatorlar so'nggi 2 yil davomida O'zbekistondan Turkiyaga eksport hajmlarining kamayishiga e'tibor qaratdilar. Bundan tashqari, ikki tomonlama savdoda notarif to'siqlar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Turkiya bilan hamkorlikda umumiy hajmi 613,4 million dollar 48 ta investitsiya loyihasidan 20,5 million dollarlik 6 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish turli sabablarga ko'ra ortda qolmoqda. Shuningdek, qator vazirlik va idoralarning harakatsizligi tufayli 342 million dollarlik 11 ta loyiha to'xtab qolgan. Ushbu loyihalar bo'yicha Sog'liqni saqlash vazirligi, "O'zeltexsanoat" uyushmasi, Navoiy va Namangan viloyatlari hokimliklari mas'ul bo'lgan edi.
Senatorlar O'zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi tomonidan siyosiy va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Savdo-iqtisodiy sohada erishilgan ijobiy natijalar e'tirof etildi. 2023-yilda ustav kapitali 500 million dollar bo'lgan O'zbekiston-Ozarbayjon qo'shma investitsiya fondi tashkil etildi. Elchixona tashabbusi bilan hududlarda 115 million dollarlik 4 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, diplomatik vakolatxona mas'ul bo'lgan neft va gaz sanoati sohasidagi hamda biriktirilgan Namangan va Xorazm viloyatlaridagi faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha tavsiyalar berildi.
Oliy darajadagi tashrif natijasida qabul qilingan «yo'l xaritasi»ni amalga oshirishda qator muammolar mavjudligi ta'kidlandi.
Xususan, «Yo'l xaritasi»ga kiritilgan 87 ta loyihadan 4 tasi (umumiy qiymati 72 million dollar) kech amalga oshirilmoqda, 14 tasi (569 million dollar) umuman amalga oshirilmayapti. Shu jumladan, Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan 8 ta investitsiya loyiha bo'yicha hanuzgacha amaliy ishlar sust olib borilmoqda.
Parlament a'zolari tegishli idoralar va kompaniyalar, viloyat hokimliklari investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish bo'yicha respublika diplomatik vakolatxonalarining taklif va murojaatlarini ko'rib chiqishda tezkorlik ta'minlanmaganligiga e'tibor qaratdi. O'zbekiston elchixonalari bilan harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi.
O'zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga batafsil tavsiyalar berildi va o'z faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha aniq vazifalar qo'yildi.
Majlis yakunlari bo'yicha Oliy Majlis Senati qo'mitasining tegishli qarorlari qabul qilindi.