Atoqli o'zbek yozuvchisi G'afur G'ulomning «Osmon to'la yulduzlar» asari turk tilida chop etildi
ANQARA, 27-fevral. /"Dunyo" AA/. Anqara shahrida O'zbekiston xalq shoiri G'afur G'ulom tavalludining 120 yilligi munosabati bilan turk tilida chop etilgan «Osmon to'la yulduzlar» nomli kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimot mamlakatimiz diplomatik missiyasi tomonidan O'zbekiston Madaniyat vazirligi, Xalqaro TURKSOY tashkiloti, Turkiyaning Hoji Bayram Valiy universiteti bilan birgalikda tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston elchisi Alisher A'zamxo'jayev, madaniyat vazirining maslahatchisi Shavkat Ortiqov, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev va Hoji Bayram Valiy universiteti rektor o'rinbosari Metin O'rbay va boshqalar so'zga chiqishda.
Elchi Alisher A'zamxo'jayev o'z nutqida tadbirni tashkil etishda hissa qo'shgan va "Osmon to'la yulduzlar" kitobining turk tiliga tarjima qilishda bevosita ishtirok etgan olim va adabiyotshunoslarga chuqur minnatdorlik bildirdi. G'afur G'ulom XX asrning eng qiyin davrida ijod qilgani, uning ijodida umuminsoniy g'oyalar, insonparvarlik mavzulari muhim o'rin tutgani, ayniqsa, adibning «Shum bola» qissasi adabiyot ixlosmandlarining alohida mehrini qozongani alohida qayd etildi.
G'afur G'ulomning «Shum bola» asari murg'ak bolaning ko'rguliklarini ifoda etuvchi, xalqchilligi, jaydari va boy tili, samimiyati, iztirobga yo'g'rilgan mutoyibasi bilan ajralib turadi. E'tiborli jihati, yozuvchining «Shum bola» asari 2023-yilda eng yaxshi bolalar adabiyotining top-100 talik ro'yxatiga kiritilgan.
Ta'kidlash kerakki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan G'afur G'ulom tavalludining 120 yilligi 2023-yilda mamlakatimiz miqyosida keng nishonlandi.
Anjuman doirasida G'afur G'ulom hayoti va ijodi haqida suratga olingan qisqa metrajli film namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga «Osmon to'la yulduzlar» kitobi taqdim etildi.