O'zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Turkiyaning Antaliya shahriga bordi
TOSHKENT, 1-mart. /"Dunyo" AA/. Bugun tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi boshlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya 1-2-mart kunlari tashrif bilan Turkiyaning Antaliya shahrida bo'ladi. Kun tartibidan Antaliya diplomatik forumida ishtirok etish hamda xorijiy mamlakatlar tashqi siyosat idoralari va xalqaro tuzilmalar rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o'rin olgan", — deb yozdi TIV matbuot kotibi Axror Burxonov o'zining telegram-kanalida.
Eslatib o'tamiz, shu yilning 27-28-fevral kunlari O'zbekiston TIV rahbari tashrif bilan Malayziyada bo'ldi. Tashrif davomida bir qator ikki tomonlama muzokaralar o'tkazdi va tarixda birinchi marta bo'lib o'tgan O'zbekiston-Malayziya biznes-forumida nutq so'zladi.