O'zbekiston TIV rahbari va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o'zaro hamkorlikning kelgusi rejalarini muhokama qildi
TOSHKENT, 3-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha Antaliya shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziriy janoblari bilan Antaliya diplomatik forumida ko'rishganimizdan behad mamnunmiz, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram-kanalida. – Tashkilotning o'tgan yil noyabr oyida Toshkentda bo'lib o'tgan 16 sammiti yakunlari bo'yicha erishilgan kelishuvlarni amaliy tatbiq etish hamda hamkorligimiz bo'yicha kelgusi rejalarni muhokama qildik".
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya 1-2-mart kunlari Turkiyada bo'lib, Antaliya diplomatik forumida ishtirok etdi. Shuningdek, u boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o'tkazdi.