Turkiya Buyuk millat majlisi raisi: O'zbekiston va Turkiya aloqalari qardoshlikdan ham yuqori
TOSHKENT, 24-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush "Dunyo" axborot agentligi uchun eksklyuziv intervyu berdi.

– Hurmatli Rais janoblari, avvalo, Sizni yurtimizda ko'rib turganimizdan behad mamnunmiz. O'zbekistonga xush kelibsiz.
– Xush ko'rdik.
– So'nggi yillarda O'zbekiston-Turkiya munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. Buni har bir soha misolida ko'rishimiz mumkin. Umuman, ikki davlat aloqalarini qanday baholaysiz?
– Avvalo, men O'zbekistonda ekanligimdan juda xursandman. Bu zamin bizning ota yurtimizdir. Tashrifim juda samarali va katta taassurotlarga boy o'tmoqda. Bir qancha muhim uchrashuvlar o'tkazdik. Delegatsiyamiz O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinganidan juda mamnunmiz. Shuningdek, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan muloqotlarda parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashdik. Ochiq va do'stona suhbatlashdik.
Muzokaralarimiz ishchanlik ruhida o'tdi, deyishga barcha asoslarimiz bor. Zotan, O'zbekiston va Turkiya o'rtasida barcha sohalarda mamlakatlarimiz taraqqiyoti va xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yaqin do'stona munosabatlar o'rnatilgan. Bugungi kundagi aloqalarimizni qardoshlikdan ham yuqori deya olamiz, chunki ko'plab masalalarda hamfikrmiz.
Prezidentlar Rejep Tayyip Erdo'g'on va Shavkat Mirziyoyev o'rtasida qardoshlarga xos va yaqin do'stlik rishtalari o'rnatilgan. Ularning o'zaro muloqotlari va uchrashuvlarida mavjud masalalar juda oson yechim topmoqda.
Joriy yilning iyun oyida Anqarada oliy darajadagi O'zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi yig'ilishi bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Ushbu yig'ilishda shu vaqtga qadar imzolangan kelishuvlar va ularning ijrosi ko'rib chiqiladi. Shuningdek, istiqboldagi ikki tomonlama maqsad va vazifalar bayon qilinadi. Hozirgi kunda davlatlarimiz o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi 3 milliard AQSh dollaridan ko'proqni tashkil qilayapti. Yaqin istiqbolda ushbu ko'rsatkichni 5 milliard dollarga, kelajakda esa 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
O'zaro savdo munosabatlaridan tashqari, madaniyat, turizm va boshqa ko'plab sohalarda ham hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish kun tartibida turibdi. O'zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan kechgan muloqotlarda ham parlament diplomatiyasining barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda ikki davlat hukumatlari kun tartibiga qanday hissa qo'shishimiz mumkinligiga alohida e'tibor qaratdik. Yakunda O'zbekiston Oliy Majlisi Senati, Qonunchilik palatasi va Turkiya Buyuk millat majlisi o'zaro birgalikda do'stlik guruhlari, parlamentlararo maxsus guruhlarning ishini yanada jadallashtirish va boshqa masalalarni kelishib oldik. Yaqinda O'zbekiston va Turkiya parlamentlari o'rtasida yangilangan hamkorlik shartnomasini imzolaymiz. Turkiya va O'zbekiston parlamentlari o'rtasidagi aloqalarga oid hujjat 2017-yilda qabul qilingan. Ushbu hujjatni ham bugungi kun talablariga javob beradigan darajada boyitish zarurati paydo bo'lmoqda.
– Nima deb o'ylaysiz, mushtarak tarix va madaniy merosga ega O'zbekiston va Turkiya bugungi zamonaviy munosabatlarda qaysi sohalarni ustuvor yo'nalishlar, deb hisoblaydi?
– To'g'ri ta'kidladingiz, o'zbek va turk xalqlarini qadimiy rishtalar o'zaro bog'lab turadi. Xususan, O'zbekiston qadim tarixga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Renessans deb nomlagan yuksaklik dasturini katta qiziqish va diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Bu yerdagi tamaddun ikki qanotli qushga o'xshaydi. Jumladan, O'zbekiston zamini islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi. Ikkinchi tomonda esa O'zbekiston Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Farg'oniy, Xorazmiy, Ali Qushchi va boshqa yetuk olimlarni yetishtirgan ulkan ilm markazi sifatida shuhrat qozongan yurt sanaladi. Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Abdulxoliq G'ijduvoniy, Bahouddin Naqshband va boshqa ko'plab islom olamida katta mavqega ega shaxslar qoldirgan ma'naviy xazina bugungi kunga qadar butun musulmon olamida keng o'rganilmoqda. Ajdodlaringiz har sohada, ya'ni dunyoviy va diniy ilmda ham nihoyatda yuksak darajaga erishgan.
Zotan o'tmishda Movarounnahr madaniyatini buyuk qilgan, nihoyatda nodir asarlar meros qoldirilishini ta'minlagan diyor bo'lishi ham bu yurtning alohida jihatidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarining rahnamoligida O'zbekistan qaytadan bu madaniy merosga erishmoqda.
Dunyoning hozirgi holatiga qaraydigan bo'lsak, bugun yangi ovozga, yangi nafasga ehtiyoji bor. Tarixi, ildizi, tili va dini mushtarak bo'lgan Turkiya va O'zbekiston mazkur tamoyillarni qabul qilgan holda birgalikda yuqori natijalarga erishishiga ishonaman. O'zbekistonga tashrifim davomida buni ko'rishdan juda mamnunman.
– Turkiya Buyuk millat majlisi tuzilganiga 100 yildan oshdi. Shu o'rinda, Turkiya Buyuk millat majlisi va O'zbekiston Oliy Majlisi o'rtasidagi aloqalarga to'xtalsak. Bugungi parlamentlararo hamkorlik darajasini qanday baholaysiz?
– Darhaqiqat, Turkiya Buyuk millat majlisi tashkil qilinganiga 100 yildan oshdi. Bir asrlik o'tmishimizda qanchadan-qancha ajoyib kunlar, ajoyib yutuqlarni boshdan o'tkazdik. Yana qanchadan-qancha sinovli kunlar, yetishmovchiliklar, taqchilliklarni ko'rdik. Bularning barchasidan muvaffaqiyatli o'tib, bugungi kunda Turkiya dunyoda o'z obro'si va mavqeiga ega mamlakatga aylandi. Turkiya Buyuk millat majlisi sifatida biz Turkiyada yangi, fuqaroviy konstitutsiya ishlab chiqilishi shart ekaniga ishonamiz. Bu borada Turkiyaning katta tajribasi bor. Ushbu tajribani O'zbekiston tomoni bilan baham ko'rishga tayyormiz. Parlamentlar juda kuchli bo'lishi kerak. Barcha Turkiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bosh maqsadimizdir.
– Ikki davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Parlamentlar ikki davlat o'rtasidagi investitsiyaviy muhitni yaxshilash va savdoni osonlashtirish kabi sohalarga qanday hissa qo'shmoqda?
– Ushbu sohada juda katta imkoniyatlar mavjud. Yuqorida aytib o'tganimdek, ikki davlat rahbarlari o'zaro savdo hajmini yaqin kelajakda 5 milliard AQSh dollariga, keyinchalik esa 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo'ygan. Bu borada, avvalo, huquqiy asoslarni takomillashtirishimiz, kerak bo'lsa, biznes muhitini yaxshilash uchun yangi huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishimiz zarur. Aytmoqchimanki, ushbu sohadagi aloqalarni har tomonlama mustahkamlash bo'yicha mustahkam poydevor yaratilmoqda.
Fursatdan foydalanib, butun O'zbekiston xalqiga, o'zbek qardoshlarimizga o'zimning cheksiz hurmatimni izhor qilaman.