Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Elchi Olgan Bekar: Turkiya va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo'lida yangi imkoniyatlarni ishga solish muhim vazifamiz bo'lib qoladi


Elchi Olgan Bekar: Turkiya va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo'lida yangi imkoniyatlarni ishga solish muhim vazifamiz bo'lib qoladi

TOSHKENT, 6-iyun. /Dunyo AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi. Tashrif doirasida bugun Anqara shahrida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishi bo'lib o'tadi. O'zbekiston-Turkiya sammiti arafasida Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar "Dunyo" axborot agentligi muxbiri savollariga javob berdi.

— Janob elchi, keyingi yillarda O'zbekiston-Turkiya o'rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Suhbatimizni O'zbekiston-Turkiya aloqalarining bugungi holati va istiqbollari haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.

 

— So'nggi yetti yil ichida Turkiya bilan O'zbekiston o'rtasidagi aloqalarda yangi davr boshlandi va ushbu hamkorlik kundan-kunga jadal sur'atlarda rivoj topmoqda. Bu jarayonda ikki davlat rahbarlarining o'zaro ishonch, hurmat va do'stlikka asoslangan munosabatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

O'zbekiston Prezidentining 2017-yilda mamlakatimizga tashrifi chog'ida munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi. 2018 yilda Turkiya Prezidentining O'zbekistonga tashrifi chog'ida esa Strategik hamkorlik kengashi tashkil etildi. Ushbu omillar o'zaro munosabatlarimizni institutsionallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oliy darajadagi muntazam uchrashuv va muloqotlar ikki mamlakat vazirlik va idoralari o'rtasidagi hamkorlikni oshirish barobarida, barcha sohalarda o'zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotir.

 

O'zbekiston va Turkiya o'rtasida Strategik rejalashtirish guruhi, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyasi, Turizm qo'shma komissiyasi va boshqa muntazam maslahatlashuv va hamkorlik mexanizmlari mavjud. Mazkur platformalar o'zaro aloqalarning yangi o'sish nuqtalarini aniqlash va qo'shma loyihalarni ishlab chiqishda faollik ko'rsatmoqda.

 

Qayd etish kerakki, bugun Turkiya va O'zbekiston o'rtasida do'stlik va qardoshlikka asoslangan munosabatlar modeli yaratilgan. Iqtisodiyot va savdo, transport, energetika, sog'liqni saqlash, madaniyat, ta'lim va mudofaa sanoati kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorligimiz tobora ortib bormoqda. Turkiya Yangi O'zbekistonning "Uchinchi Renessans" islohotlar dasturini to'liq qo'llab-quvvatlaydi. Shuningdek, turk kompaniyalari o'z bilim va tajribasini o'zbek sheriklari bilan bo'lishishga hamda O'zbekiston infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo'shishga tayyor.

 

37 millionga yaqin aholiga ega O'zbekiston Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni va mintaqaviy integratsiyani ta'minlashda muhim rol o'ynaydi. Turkiya ham o'zining ikki tomonlama aloqalari orqali hamda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida O'zbekistondagi islohotlarni qo'llab-quvvatlamoqda. Biz mintaqa davlatlari o'rtasidagi hamkorlik va o'zaro bog'liqlikning yana-da mustahkamlanishiga ishonamiz. Shuningdek, Turkiya O'zbekiston va Markaziy Osiyoning farovonligi, rivojlanishi va barqarorligini qo'llab-quvvatlashda davom etadi.

 

— 6-iyun Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishi o'tkaziladi. Yig'ilish kun tartibi va kutilayotgan natijalar haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

 

— Darhaqiqat, bugun O'zbekiston va Turkiya aloqalarini yana-da rivojlantirishning muhim yo'nalishlari muhokama qilinadi. O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi Strategik hamkorlik kengashining 2020-va 2022-yillarda oliy darajadagi ikkita yig'ilishi bo'lib o'tgan.

Bu galgi Anqara sammitiga tayyorgarlik doirasida, 2023-yil 26-27-sentyabr kunlarida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi qo'shma Strategik rejalashtirish guruhi yig'ilishi o'tkazildi. Shuningdek, 2023-yil 26-dekabrda qo'shma savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yig'ilishi va 2024-yil 14-16-yanvar kunlari esa Mudofaa sanoati hamkorligi kengashining ikkinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

 

Yig'ilishda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, fan, texnologiya, ta'lim, qishloq xo'jaligi kabi turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo'yicha istiqboldagi vazifalar belgilab olinadi. Turizm, sog'liqni saqlash va madaniy aloqalarga ham alohida e'tibor qaratiladi.

 

Sammit oldidan O'zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo'lib o'tdi. 6 iyun kuni esa ikki davlat rahbarlari ishtirokida ishbilarmon doira vakillari bilan davra suhbati tashkil etiladi. Bir so'z bilan aytganda, har ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan umumiy maqsad doirasida 2023-yilda 3 milliard AQSH dollaridan oshgan o'zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun aniq qadamlar belgilab olinadi.

 

Yig'ilish doirasida ikki davlat rahbarlarining munosabatlarida erishilgan yuksak darajani aks ettiruvchi Qo'shma deklaratsiyani imzolash ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, aloqa, kadastr, kasb-hunar ta'limi, bojxona, kosmik fanlar, birodarlashgan shaharlar va standartlashtirish kabi sohalarda ko'plab shartnomalar imzolanishi ko'zda tutilgan. Eng muhimi maqsadimiz bitta, u ham bo'lsa munosabatlarimizni yana-da mustahkamlashdir. O'zbekiston tomonining, Prezidentlarning ham fikri shunday. Modomiki, maqsad – bir, niyat – mushtarak ekan, biz mas'ullar uchun ishlash bag'oyat oson kechadi. Aminmanki, davlatlarimiz rahbarlari namoyish etgan iroda doirasida munosabatlarimiz kelgusi yillarda bundan-da yuqori darajalarga ko'tariladi.

 

Shuningdek, muzokaralar davomida tomonlar xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashadilar.

 

— O'zbekiston-Turkiya munosabatlarini iqtisodiy diplomatiyasiz tasavvur qilish qiyin. Bu borada mamlakatlarimiz o'rtasidagi vaziyat qanday va bugungi globallashuv davrida qaysi sohalarga ko'proq e'tibor qaratish kerak, deb o'ylaysiz?

 

— Yuqorida aytib o'tganimdek, ikki tomonlama siyosiy munosabatlarimiz mukammal darajada davom etib kelmoqda. Ularni qo'llab-quvvatlash uchun savdo hamkorligimizning ahamiyati katta. Aloqalarimizning mohiyatiga qaraydigan bo'lsak, savdo rishtalari oldingi o'rinlarga chiqqanini payqash mumkin. Turkiyaning O'zbekiston tashqi savdosi hajmidagi ulushi 2017-2023-yillarda 16 foizga oshdi. Maqsadimiz o'zaro import va eksportni diversifikatsiya qilish va oshirish hamda qo'shma loyihalarni ko'paytirish orqali bu ko'rsatkichni yana-da yaxshilashdir. Shu maqsadda yangi yo'nalishlarni aniqlab, tegishli choralar ko'rishni o'z oldimizga belgilab olganmiz. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi qo'shma savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiya savdo-iqtisodiy aloqalar nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Bu mexanizm ishbilarmon doira vakillari va Savdo-sanoat palatalari o'rtasidagi hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilyapti. Komissiyaga Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz va O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari, Iqtisodiyot va Moliya vaziri Jamshid Qo'chqorov hamraislik qilmoqda. Komissiyaning 2023-yil 26-dekabrda Anqara shahrida bo'lib o'tgan yig'ilishida 107 moddadan iborat "Harakatlar rejasi" tuzildi. Mazkur dastur ijrosini ta'minlash maqsadida ikki mamlakatning tegishli muassasa va tashkilotlari, tadbirkorlari, Savdo-sanoat palatalari o'rtasida yaqin aloqalar o'rnatilgan.

 

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, Turkiya O'zbekistonning energetika va infratuzilma loyihalari, shahar tizimlarini rivojlantirish bo'yicha o'z tajribasi bilan o'rtoqlashishga tayyor. Ushbu yo'nalishdagi hamkorligimizni tarmoqlar asosida rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Joriy yilda O'zbekiston ishbilarmon doira vakillari mamlakatimizning ko'plab hududlarida bo'ldi. Safar davomida bo'lib o'tgan uchrashuv va muzokaralarda mebelsozlik, shisha, tilla va zargarlik buyumlari, charm va tibbiyot sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish bo'yicha "yo'l xaritalari" belgilab olindi.

 

Biz, shuningdek, O'zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorligimizni mintaqaviy doirada ham rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Birgalikda mintaqada yirik qo'shma loyihalarni amalga oshirishimiz uchun katta salohiyat mavjud. Shu nuqtai nazardan, 2023-yil 16-martda Anqarada imzolangan Turkiy investitsiya jamg'armasi to'g'risidagi Bitim O'zbekiston tomonidan 2023-yil 1-noyabrda ma'qullanganidan mamnunmiz. Turkiy investitsiya jamg'armasi doirasida ham ikki tomonlama hamkorligimizni rivojlantirishdan manfaatdormiz.

 

— Diplomatik faoliyatingiz davomida mamlakatimizning ko'plab hududlarida bo'lasiz. Umuman, joylardagi investitsiyaviy muhit, ayniqsa, xorijiy ishbilarmonlar uchun yaratilgan sharoitlar haqidagi fikrlaringiz biz uchun qiziq.

 

— O'zbekistonning har bir viloyati keng imkoniyatlar va salohiyatga ega. Bu haqda juda ko'p ijobiy fikrlar aytishim mumkin. O'zim Farg'ona vodiysi, Buxoro, Samarqand, Xiva, Nukus shaharlariga tez-tez borib turaman. Biz nafaqat Toshkentdagi, balki O'zbekistonning ko'plab shaharlarida faoliyat olib borayotgan Turkiya tashkilotlari, ishbilarmon doira vakillari, hatto o'zbek birodarlarimiz bilan tez-tez uchrashib, tadbirkorlik imkoniyatlarini baholaymiz.

 

Ma'lumki, Samarqand shahrida Turkiya Bosh konsulxonasi faoliyat yuritmoqda. O'zbekistonda ishlayotgan turk kompaniyalari Toshkentdan boshqa shaharlarga ham investitsiya kiritmoqda. Biz investitsiyalarning butun mamlakat bo'ylab joylashuvini qo'llab-quvvatlaymiz.

 

Bugungi kunda Turkiya va O'zbekiston o'rtasida haftada 90 ga yaqin o'zaro reyslar yo'lga qo'yilgan. Reyslar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg'ona shaharlariga amalga oshirilmoqda. Mana yaqinda Nukus shahri ham bular qatoriga qo'shildi. Bu nimadan dalolat beradi?

 

Reyslar soni naqadar ko'p bo'lsa, muloqot shu qadar ortadi. Bunga mos ravishda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlar o'sadi. Joylarga sayohat qilsangiz, u yerda biznes qilayotgan turk tadbirkorlarini ko'p uchratishingiz mumkin. O'zbekiston Prezidenti janoblari hududlarga safar qilganlarida joylardagi turk tadbirkorlari bilan ham uchrashadilar, biz bundan juda xursand bo'lamiz. Biz bu yo'nalishda to'xtab qolmaymiz, oldimizda hali ko'p ishlar bor. Muhimi umumiy iroda va xohish mavjud.

 

— O'zbekistonning xalqaro tashabbuslari, ichki islohotlari va o'zgarishlar haqida nima deya olasiz?

 

— Yangi O'zbekiston nomi bilan "Uchinchi Renessans"ni amalga oshirish choralarini juda muhim va qadrli, deb bilamiz. Ushbu islohotlar siyosatini Turkiya to'liq qo'llab-quvvatlaydi. Kerak vaqtda o'z tajribalarimiz bilan o'rtoqlashyapmiz. O'zbekistonlik do'stlarimiz uchun mutaxassislar, konsultantlar yuboryapmiz. O'zbekiston nafaqat o'zini takomillashtirayotgan davlat, balki u o'z mintaqasida tinchlik makoniga ham aylandi. 2017-yildan keyingi davrni kuzatadigan bo'lsak, davlat qo'shni mamlakatlar bilan ikki tomonlama aloqalarini rivojlantirayotganini, mavjud masalalarga birgalikda yechim topib, o'zaro iqtisodiy manfaatga tayanuvchi hamkorlik o'rnatilayotganiga guvoh bo'lyapmiz.

 

Natijada esa Turkiy davlatlar tashkiloti va Markaziy Osiyo yetakchilari forumi juda faollashib bormoqda. Bularning barchasi Markaziy Osiyoning qalbi – O'zbekiston tashlayotgan odimlar orqali ekanini bemalol ayta olamiz. Yana bir karra ta'kidlayman, biz Yangi O'zbekistonning islohotlar siyosatini qo'llab-quvvatlaymiz. Ham mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda hamkorligimizni, birdamligimizni yana-da mustahkamlaymiz.

 

— O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning rivoji haqida ham to'xtalsangiz...

 

—Turklar va o'zbeklar do'st va qardosh xalqlar sifatida tarixiy mushtarak qadriyatlarga ega. Biz ikki davlat fuqarolarini yagona xalq deb bilamiz. Bugun Turkiyada ko'chada o'tayotgan odamdan so'rasangiz, ular O'zbekiston fuqarolarini "o'zbek birodarlarim" deb atashadi. Bunday yaqinlikni ikki davlat o'rtasidagi o'zaro sayyohlik almashinuvlari ham tasdiqlaydi. Turkiya va O'zbekiston fuqarolari mamlakatlarimiz bo'ylab vizasiz sayohat qilishlari mumkin. 2023-yilda Turkiyaga 470 mingdan ortiq o'zbekistonlik sayyoh borgan. Turkiya fuqarolari Samarqand, Buxoro va Xiva, shuningdek, Toshkent shaharlarini ko'rishga ko'proq qiziqish bildirmoqda.

 

O'zbekistonda turk seriallari va teledasturlari katta qiziqish bilan tomosha qilinishidan xabardormiz. Shuningdek, Turkiya stipendiyalari dasturi doirasida ko'plab o'zbekistonlik talabalar mamlakatimiz oliy o'quv yurtlarida ta'lim olmoqda. Bundan tashqari, ikki davlatda ham ko'plab o'zbeklar va turklar istiqomat qiladi. Bursa Uludag' universiteti qoshidagi o'zbek tili va madaniyati markazi yaqinda ishga tushdi.

 

Insoniy va madaniy sohalardagi bunday o'zgarishlarning barchasi qardoshlik rishtalari doirasidagi til va madaniyatimiz mushtarakligimizning tabiiy natijasidir. Shu bilan birga, umumiy qadriyatlarimizni hisobga olgan holda, madaniy-gumanitar jabhadagi hamkorligimizni yana-da rivojlantirish, xalqlarimiz o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash yo'lida yangi imkoniyatlarni ishga solish muhim vazifamiz bo'lib qoladi.

 

— Mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildiramiz.

 

— Rahmat.