Pokistondan munosabat: Tashrif O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi do'stlik rishtalarini va ko'p qirrali strategik sheriklik darajasini yangi bosqichga ko'tarishga xizmat qiladi
ISLOMOBOD, 7-iyun. /"Dunyo" AA/. Pokiston savdo vaziri o'rinbosari Mariya Kazi "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Anqara shahrida bo'lib o'tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

— Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6-iyun kuni rasmiy tashrif bilan Turkiyada bo'ldi. O'zbekiston rahbarining Anqaraga tashrifi doirasidagi uchrashuv va muzokaralarning borishini katta ishtiyoq bilan kuzatdik.
Turkiya 1991-yil 16-dekabrda O'zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlat hisoblanadi.
O'zbekiston va Turkiya Pokistonning mintaqadagi an'anaviy strategik savdo-iqtisodiy sheriklari bo'lib, biz bu davlatlar o'rtasidagi do'stona va sheriklik munosabatlari mustahkamlanishidan manfaatdormiz.
Ikki davlat rahbarlari raisligida o'tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishida muhim vazifalar muhokama qilindi. Davlat rahbarlari O'zbekiston-Turkiya o'rtasidagi ko'p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ta'lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
E'tiborlisi, so'nggi yillarda O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi. Mavjud ma'lumotlar tahlili mamlakatlar o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotganini ko'rsatadi. Shuningdek, Turkiya O'zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritayotgan eng yirik uchta davlatdan biri hisoblanadi.
Ushbu tashrif va do'st mamlakatlar rahbarlarining muntazam muloqotlari tufayli O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi do'stlik rishtalari va ko'p qirrali strategik sheriklik darajasi yangi bosqichga ko'tarilishiga ishonchimiz komil.
O'zbekiston va Turkiya Prezidentlari o'rtasidagi uchrashuv va ular ishtirokidagi tadbirlar natijalari, shubhasiz, ushbu qardosh mamlakatlar o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.