Latviyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining Anqaraga tashrifi davlatlararo hamkorlik salohiyatini yanada mustahkamlash yo'lidagi muhim qadam bo'ldi
RIGA, 7-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston savdo uyi rahbari Vladimir Galperin (Latviya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqara shahrida bo'lib o'tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishidagi ishtiroki bo'yicha o'z munosabatini bildirdi:

— Tashrif yakunlari ko'p yillik do'stlik va o'zaro munosabatlar asosida mustahkamlangan ko'p qirrali o'zbek-turk munosabatlarini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
O'zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining oliy darajadagi yig'ilishi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yo'lga qo'yish, umumiy tarix, til, urf-odatlar, madaniyat va boshqalar asosida mamlakatlarni yanada yaqinlashtirishning ustuvor masalalarini muhokama qilish va ilgari surish uchun muhim maydonga aylandi.
Sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, yirik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, muvofiqlashtirilgan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish ham katta ahamiyatga ega. Bu o'zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshiradi va birinchi navbatda, ikki davlat iqtisodiy farovonligiga xizmat qiladi.
Sammitda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi yuqori dinamikasini saqlab qolish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat yetakchi korxonalari, kompaniyalari va banklari o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi ta'kidlandi.
O'zbekiston Prezidentining Anqaraga tashrifi davlatlararo hamkorlik salohiyatini yanada mustahkamlash yo'lidagi muhim qadam bo'lib, an'anaviy do'stlik va sheriklik munosabatlarini yanada har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.