Erondan munosabat: Turkiya O'zbekiston bilan ko'p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor
TEHRON, 8-iyun. "Dunyo" AA/. "San Hezareh Taksan Pasargard" kompaniyasi boshqaruvi raisi, Eron-O'zbekiston qo'shma savdo palatasi a'zosi Ehson Javidnia "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-iyun kuni Turkiyaga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarni bildirdi:

— O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga bo'lib o'tgan rasmiy tashrifi jarayonini diqqat bilan kuzatib bordim. Tashrif doirasidagi tadbirlarning mazmunli dasturi Turkiya Markaziy Osiyodagi asosiy davlat sifatida O'zbekiston bilan ko'p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanidan dalolat beradi.
Anqaraga tashrif arafasida ikki davlat ishbilarmon doiralarining 500 dan ortiq vakillari ishtirokida O'zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo'lib o'tganini alohida ta'kidlash joiz. Mazkur tadbir ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida jadal rivojlanayotgan kooperatsiya aloqalarini yanada faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Forum doirasida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi. Davlat-xususiy sheriklik asosida sanoat klasterlarini tashkil etish, energetikani qo'llab-quvvatlash, elektr stansiyalari, to'qimachilik va charm-poyabzal ishlab chiqarish, avtomobil yo'llari, maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari qurish bo'yicha qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Ishonchim komilki, tashrif doirasida imzolangan boshqa ikki tomonlama hujjatlar, shuningdek, Prezidentlar raisligida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirokida o'tkazilgan Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig'ilishi O'zbekiston-Turkiya kooperatsiyasini bir necha bor oshirib, munosabatlar darajasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda kuchli turtki beradi.
Shuni qo'shimcha qilmoqchimanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev erishilgan munosabatlar darajasida to'xtamasdan, O'zbekiston-Turkiya ko'p tomonlama hamkorligini yanada kengaytirish uchun ikki tomonning foydalanilmagan ulkan salohiyatlarini ro'yobga chiqarish maqsadida amaliy choralar ko'rishda davom etmoqda.