Anqarada bo'lib o'tgan sammit O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi munosabatlar rivojida muhim bosqich bo'ldi
SEUL, 8-iyun. /"Dunyo" AA/. Milliy strategiyalar bo'yicha tadqiqotlar agentligi professori Chon Son Mi (Janubiy Koreya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6-iyun kuni Turkiyaga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari sharhladi:

– Anqarada bo'lib o'tgan ikki tomonlama sammit O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi munosabatlar rivojida muhim bosqich bo'ldi. Shuningdek, u turli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki davlat o'rtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbus va loyihalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Muzokaralar natijalari muhim kelishuvlar bilan mustahkamlandi. Xususan, ilmiy almashinuv, yuqori texnologiyalar, standartlashtirish, kosmik fanlar, energetikani rivojlantirish, madaniyat, axborotlashtirish va boshqa ko'plab sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi. Mazkur kelishuvlar hamkorlik aloqalarini yana-da chuqurlashtirish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni "Turkiya Respublikasi nishoni" bilan taqdirlash marosimi tashrifning muhim yutuqlaridan biri bo'ldi. Bu O'zbekiston rahbarining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi xizmatlari yuksak e'tirof va ishonchdan dalolatdir. Ushbu mukofot xalqlar o'rtasidagi ming yillik qardoshlik rishtalarining ramzi bo'lib, O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi strategik sheriklik muhimligini tasdiqlaydi.
Nazarimda, tashrifning yana bir muhim natijasi O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi madaniy aloqalarning mustahkamlangani bo'ldi. Teatr festivallari, madaniyat haftaliklari va madaniy meros obyektlarini ta'mirlash kabi qo'shma madaniy tadbirlar ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik va yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lishi davrida texnik yordam ko'rsatish bo'yicha hamkorlik to'g'risidagi Bayonnomaning imzolanishi ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifining muhim yutuqlaridan biri bo'ldi. Ushbu kelishuv O'zbekistonning jahon savdo tizimiga integratsiyalashuviga yordam beradi. Bu esa o'zbek tovarlarini eksport qilish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.