Kuala-Lumpurdan munosabat: Turkiyada bo'lib o'tgan oliy darajadagi sammit o'zbek-turk hamkorligining butun ko'lamini yanada kengaytirishga hissa qo'shadi
KUALA-LUMPUR, 8-iyun. /"Dunyo" AA/. "Alpha Group" kompaniyasi ijrochi direktori, Malayziyadagi o'zbek mahsulotlari shou-rumi hammuassisi Dalia Alkatiri "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6 iyun kuni Anqara shahrida bo'lib o'tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

—O'zbekiston va Turkiyani tarixiy rishtalar, madaniy va diniy hamjamiyat, an'ana va ma'naviy qadriyatlarning yaqinligi bog'lab turadi. Ushbu omillar o'z navbatida, ko'p qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlash uchun qulay zamin yaratadi.
Anqarada bo'lib o'tgan oliy darajadagi muzokaralar tomonlarning tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, "yashil" energetika, elektrotexnika, to'qimachilik, farmatsevtika sanoati, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalardagi qo'shma loyihalarni ilgari surishdan o'zaro manfaatdorligini yana bir bor namoyon etdi.
Albatta, iqtisodiyot va savdo ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishi bo'lib qolmoqda. Bu ikki davlat taraqqiyoti va farovonligi, xalqlari turmush darajasi va sifatini oshirishning asosi hisoblanadi. So'nggi yillarda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5, qo'shma korxonalar soni 2, investitsiyalar hajmi 2,5 barobarga oshgani bunga yorqin misoldir. O'zbekiston bozorida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari faollashmoqda, ular ishtirokida 100 dan ortiq biznes loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. E'tiborlisi, joriy tashrif davomida 10 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.
Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishida ikki davlat o'rtasidagi Keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya va ko'p qirrali hamkorlikning keng ko'lamli masalalarini qamrab oluvchi boshqa hujjatlarning imzolanishi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar kabi yo'nalishlarda o'zaro munosabatlarni yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Shuningdek, O'zbekiston Prezidentiga "Turkiya Respublikasi nishoni" topshirilganini alohida ta'kidlamoqchiman. Darhaqiqat, ushbu mukofot o'zbek va turk xalqlari o'rtasidagi ming yillik qardoshlik rishtalari, oliy darajadagi yaqin muloqot, shuningdek, jadal rivojlanib borayotgan ko'p qirrali ikki tomonlama munosabatlar ramzidir.
Ishonchim komilki, Turkiyada bo'lib o'tgan oliy darajadagi sammit o'zbek-turk hamkorligining butun ko'lamini yanada kengaytirishga hissa qo'shadi.