Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Germaniyadan munosabat: O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi yaqin do'stlik va qardoshlik rishtalaridan butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaat ko'radi


Germaniyadan munosabat: O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi yaqin do'stlik va qardoshlik rishtalaridan butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaat ko'radi

BERLIN, 8-iyun. "Dunyo" AA/. "Nüma" nemis agentligi asoschisi va boshqaruvchisi Daliya Altuntepe "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-iyun kuni Turkiyaga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarni bildirdi:

- Ushbu tashrif O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda muhim davrni belgilab berdi.

 

Mamlakatlar o'rtasidagi uzoq yillik siyosiy va iqtisodiy hamkorlik, chuqur ildizga ega madaniy va tarixiy aloqalar bu kabi uchrashuvlar orqali yanada mustahkamlanadi. Xususan, ikki davlat o'rtasida vizasiz rejimning joriy qilinishi, ayniqsa, 2018-yildan boshlab turistlar oqimini sezilarli darajada oshishiga olib keldi va natijada bugun ikki davlat fuqarolari mamlakatlarning turistik imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda.

 

O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi hamkorlikning besh milliondan ortiq turklar istiqomat qiladigan Yevropaning boshqa davlatlari uchun ham ahamiyati kattadir. Bu yirik diaspora Germaniya va O'zbekiston aloqalarini rivojlantirish uchun ko'prik vazifasini o'taydi va albatta ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga o'z hissasini qo'shadi deb o'ylayman.

 

Shu o'rinda aytish joizki, ikki qardosh xalq o'rtasidagi bir oilaga mansub til va madaniy o'xshashliklar, tarixiy rishtalar ishonch va hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi.

 

Kuzatuvlarimga ko'ra, so'nggi yillarda O'zbekiston Germaniyadagi turk jamiyati uchun ham jozibador sayyohlik yo'nalishi sifatida o'zini namoyon eta oldi. Bu o'zbek diyoriga ortib borayotgan qiziqishdan va xalqlar o'rtasidagi aloqalarning yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

 

Bundan tashqari, turli sohalardagi turk-nemis kompaniyalari O'zbekistonga sarmoya kiritib, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo'shmoqda. Bu kompaniyalar O'zbekiston taqdim etayotgan qulay sarmoyaviy sharoitlar va turli imkoniyatlarni yuqori baholamoqda. Ular ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va yangi ish o'rinlarini yaratishda muhim o'rin tutadi.

 

Turk-o'zbek hamkorligi madaniy sohalarda ham rivojlanib bormoqda. Bunga misol sifatida, yaqinda Turkiya va O'zbekistonning Frankfurtdagi bosh konsulxonalari bilan hamkorlikda o'tkazilgan Navro'z bayramini ta'kidlamoqchiman. Bunday tadbirlar nafaqat ikki davlat hamkorligini rivojlantirish, balki nemis jamoatchiligini umumiy boy madaniyatimiz bilan tanishtirishga xizmat qiladi. Bunday madaniy almashinuv loyihalari xalqlar o'rtasida o'zaro tushunishga yordam beradi va ular o'rtasidagi ijtimoiy va madaniy aloqalarni mustahkamlaydi deb o'ylayman.

 

Shuningdek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an raisligida bo'lib o'tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishi ikki tomonlama munosabatlar va ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishi va yangi bosqichga olib chiqishi shubhasizdir.

 

O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi qardoshlik rishtalari kelgusida ham mustahkamlanib borishiga, bu do'stlikdan har ikki davlat, butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaat ko'rishiga ishonchim komil.