"News Central Asia": O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik yanada jadallashadi
ASHXOBOD, 10-iyun. /"Dunyo" AA/. Turkmanistonning ommabop "News Central Asia" saytida "O'zbekiston va Turkiya keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA muxbiri.

Nashrda qayd etilganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an 6-iyun kuni Anqara shahrida Keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to'g'risida qo'shma deklaratsiyani imzoladilar.
"Tashrif davomida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog'an raisligida O'zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Anjumanda, so'nggi yillarda o'zaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qo'shma korxonalar soni 2 barobarga, O'zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga oshgani qayd etildi. Ikki davlatning yirik shaharlari o'rtasida haftasiga 90 ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko'paygani bildirildi", — deyiladi nashrda.
Maqolada yozilishicha, tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va birgalikda uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish muhimligini ta'kidladilar. Shuningdek, imtiyozli savdo to'g'risidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish, Istanbul shahrida O'zbekiston savdo vakolatxonasini ochish zarurligi qayd etildi.
"Tashrif davomida, shuningdek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni "Turkiya Respublikasi nishoni" bilan taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Qardosh mamlakatning oliy davlat mukofotini O'zbekiston yetakchisiga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an tantanali ravishda topshirdi", — deya ma'lum qilgan "News Central Asia".