"Stimme der Hauptstadt" gazetasi: O'zbekiston va Turkiya hamkorlik hamda qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda
BERLIN, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi yakunlari Germaniya ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, Berlin shahrida chop etiladigan "Stimme-der-Hauptstadt" onlayn gazetasida nashr bosh muharriri Folker Neyefning mamlakatimizning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov bilan ushbu tashrif haqidagi suhbati e'lon qilindi.
Nashrda qayd etilishicha, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anning taklifiga binoan rasmiy tashrifi uzoq o'tmishga ega ikki qardosh xalq, ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
"Ushbu tashrif ikki davlat munosabatlari tarixida muhim voqelik bo'ldi desam mubolag'a bo'lmaydi, — dedi elchi nemis nashri jurnalisti bilan suhbatda. — Turkiya O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgani va Toshkentda o'z elchixonasini ochgani, uzoq muddatli va samarali hamkorlikka poydevor qo'ygani e'tiborga molikdir".
Diplomatik vakolatxona rahbari Turkiya uzoq yillar davomida O'zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri bo'lib kelayotgani, Rossiya, Xitoy va Qozog'istondan keyin to'rtinchi o'rinni egallab turganini ta'kidladi. O'tgan yili o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshgani, tomonlar kelgusi yillarda bu ko'rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini qayd etdi. Shuningdek, 2022-yil mart oyida Imtiyozli savdo bitimining imzolanishi tomonlarning o'zaro savdo ko'rsatkichlarini yanada oshirishdan manfaatdorligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, elchi, mamlakatlar o'rtasidagi sarmoyaviy hamkorlik jadal rivojlanayotganini ta'kidlab, joriy yilda Turkiya sarmoyasi ishtirokida 100 ga yaqin qo'shma korxona tashkil etilgani, bugungi kunda bunday korxonalarning umumiy soni ikki mingga yaqinlashganiga urg'u berdi. Ular bog'dorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik kabi turli sohalarda faol ishlamoqdalar. Turkiya O'zbekiston iqtisodiyotining yetakchi sarmoyadorlaridan biri bo'lib, uning rivojlanishi va aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Diplomatik aloqalar va muntazam siyosiy maslahatlashuvlar mamlakatlar o'rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. "Bugungi kunga qadar ikki mamlakat o'rtasida 140ga yaqin ikki tomonlama bitim va bayonnomalar imzolangan. Tashqi ishlar vazirlarining muntazam uchrashuvlari, strategik rejalashtirish bo'yicha qo'shma ishchi guruhi yig'ilishlari belgilangan rejalarni samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda", – dedi elchi Dilshod Axatov.
Intervyuda transport va logistika sohasidagi hamkorlik ham ustuvor yo'nalish ekanini qayd etilgan. "Ikki davlat "Osiyo-Tinch okeani mintaqasi – Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa" multimodal transport yo'lagini rivojlantirishdan manfaatdordir, qolaversa, ushbu loyihaning amalga oshirilishi tashqi savdo salohiyatini sezilarli darajada oshirishi barobarida tranzit yuk tashish hajmini ko'paytirish imkonini beradi", – degan O'zbekiston rasmiy vakili.
Suhbat yakunida "Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o'rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash va chuqurlashtirish yo'lida muhim qadam bo'ldi.Shuningdek, xalqlarimiz o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qardoshlik rishtalarini amaliy jihatdan yanada mustahkamlashga katta imkoniyat taqdim etadi", – deya qayd etgan O'zbekiston elchisi.