Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Oʻzbekiston–Belarus: oʻzaro ishonch va pragmatik hamkorlik asosida koʻp qirrali sheriklik mustahkamlanmoqda



Oʻzbekiston–Belarus munosabatlarining zamonaviy bosqichi barqaror ijobiy dinamika va hamkorlikning keng koʻlamli yoʻnalishlar boʻyicha izchil kengayib borayotgani bilan tavsiflanadi.

Ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarga 1993 yil 21 yanvar kuni asos solingan. Belarusning Toshkentdagi elchixonasi 1994 yil fevraldan faoliyat yuritmoqda, Oʻzbekistonning Minskdagi elchixonasi esa 2017 yil oktabrda tashkil etilgan boʻlib, 2018 yil martdan toʻliq faoliyat boshlagan. Oʻtgan davr mobaynida tomonlar oʻrtasida keng koʻlamli shartnomaviy-huquqiy baza shakllangan hamda siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikning katta tajribasi toʻplangan.

Oʻzbekiston–Belarus hamkorligining shartnomaviy-huquqiy bazasi oʻzaro hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab oladi. Hozirgi kunda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, taʼlim, madaniyat, fan, sogʻliqni saqlash va hududlararo hamkorlik sohalarida 126 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan.

Asosiy hujjat 1991 yil 6 noyabrda Toshkentda tasdiqlangan Davlatlararo munosabatlar asoslari toʻgʻrisidagi shartnoma boʻlib, u Oʻzbekiston–Belarus sherikligini rivojlantirishning huquqiy asosini tashkil qiladi. Bu tomonlarning suveren tenglik, oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga sodiqligini ifodalaydi.

Siyosiy muloqot Oʻzbekiston–Belarus sherikligining asosiy poydevori hisoblanadi. Yuqori va oliy darajadagi doimiy aloqalar oʻzaro ishonchni mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

1991–2026 yillar davomida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Oʻzbekistonga olti marta tashrif buyurgan. Jumladan, 1994, 2018 va 2024 yillarda rasmiy tashriflar amalga oshirilgan. Oʻzbekiston Prezidentining 2019 yil 31 iyul – 1 avgust kunlari Belarusga rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich boʻldi.

Hukumatlararo hamkorlik ikki tomonlama aloqalarning muhim tarkibiy qismi sanaladi. 2022–2026 yillarda Oʻzbekiston va Belarus Bosh vazirlarining qator oʻzaro tashriflari amalga oshirilgan boʻlib, ularda savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, logistika va qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Parlamentlararo hamkorlik oʻzaro aloqalarning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib, soʻnggi yillarda yanada tizimli va amaliy tus oldi. Parlamentlararo hamkorlik tizimida Oʻzbekiston–Belarus ayollar biznes-forumlari alohida oʻrin tutadi. Ular ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish uchun samarali maydonga aylangan.

Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha ham Oʻzbekiston–Belarus sherikligi barqaror ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Xalqaro iqtisodiy konʼyunkturaning murakkabligiga qaramasdan, tomonlar oʻzaro savdo hajmini izchil oshirish, investitsiya hamkorligini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga erishmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi 5 barobardan ziyodga oshdi hamda 2017 yildagi 181,7 million dollardan 2025 yil yakunlari boʻyicha rekord 965 million dollarga yetdi. Ijobiy dinamika joriy yilda ham davom etmoqda. 2026 yil yanvar–aprel oylari yakunlariga koʻra, oʻzaro savdo hajmi 340,4 million dollarga yetdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb uchdan birga koʻpdir.

Oʻzaro savdo tuzilmasi yuqori darajada diversifikatsiyalangani bilan ajralib turadi. Belarus Oʻzbekistonga oziq-ovqat va kimyo sanoati mahsulotlari, mashina va uskunalar, transport vositalari va xomashyo yetkazib beradi, Oʻzbekiston esa sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari, xizmatlar hamda qayta ishlash sanoati tovarlarini eksport qiladi.

Investitsiyaviy hamkorlik ham ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga sezilarli hissa qoʻshmoqda. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Belarus kapitali ishtirokida 244 ta korxona faoliyat yuritmoqda, Belarusda esa Oʻzbekiston biznesi ishtirokida 229 ta kompaniya ishlamoqda.

2025 yilda Belarusning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 104,4 million dollarni tashkil etdi. Iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirish 2001 yilda tashkil etilgan Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston–Belarus munosabatlarini mustahkamlashda ikki davlat hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish ham muhim omil hisoblanadi. Bu erishilgan siyosiy kelishuvlarni aniq iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalarga aylantirish imkonini beradi.

2017 yildan buyon Oʻzbekiston va Belarus hududlari delegatsiyalarining 40 dan ortiq oʻzaro tashriflari amalga oshirilgan. Faol almashinuv mahalliy hokimiyat organlari, ishbilarmon doiralar va jamoat tashkilotlari oʻrtasida aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Hududlararo sheriklikni rivojlantirishda forumlar alohida oʻrin tutadi. Ular anʼanaviy ravishda davlat rahbarlari rasmiy tashriflari doirasida tashkil etiladi va milliy koʻrgazmalar, investitsiya salohiyati taqdimotlari hamda hamkorlik kelishuvlarini imzolash marosimlari bilan uygʻunlashgan holda oʻtadi.

Madaniy-gumanitar aloqalar oʻzaro doʻstlik, anglashuv hamda taʼlim, fan va madaniy almashinuvlarni kengaytirishga yoʻnaltirilgan.

Belarusning ijodiy jamoalari muntazam ravishda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirok etib keladi. Oʻzbek madaniyati vakillari esa Belarus maydonlarida, jumladan, Vitebskdagi “Slavyan bozori” xalqaro sanʼat festivalida qatnashadi. Ikki davlatda madaniyat kunlari muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

Madaniy aloqalarni mustahkamlashda tarixiy shaxslar xotirasi ham ramziy ahamiyatga ega. 2018 yilda Toshkentda belarus adabiyoti klassigi Yakub Kolas haykali ochildi. 2019 yilda esa Minskda buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali oʻrnatildi.

Taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida ham aloqalar jadal rivojlanmoqda. Toshkentda Belarus–Oʻzbekiston tarmoqlararo amaliy texnik malaka instituti tashkil etilgan. Ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama diplom dasturlari amalga oshirilmoqda. Muhandislik-texnik oliy bilim yurtlari rektorlari forumi va kasbiy taʼlim anjumanlari akademik hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Fan, kinematografiya va turizm sohalaridagi rishtalar ham mustahkamlanmoqda. Belarusda Oʻzbekiston kinosi kunlari va Oʻzbekistonda Belarus kinosi kunlari muntazam oʻtkazilib kelinadi. Ikki davlat vakillari xalqaro kinofestivallarda ishtirok etib, turizm tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirmoqda.

Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotgan yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. 2023 yilda birinchi tibbiyot forumi – Oʻzbekiston–Belarus sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlim kunlari boʻlib oʻtdi. Forum davomida tibbiyot muassasalari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan 120 dan ortiq kelishuvga erishilgan.

Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan belarus diasporasi gumanitar aloqalarni mustahkamlashda muhim rol oʻynamoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda taxminan 18 ming etnik belarus yashaydi. Milliy madaniyatni saqlash va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga Toshkentdagi “Svitanak” madaniyat markazi va Angrendagi belarus madaniyat markazi katta hissa qoʻshmoqda.

Shu tariqa, Oʻzbekiston–Belarus munosabatlari barqaror rivojlanish bilan ifodalanadi. Yuqori darajadagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy sheriklikning kengayishi, hududlararo aloqalar va gumanitar sohadagi hamkorlik ikki davlatning uzoq muddatli manfaatlariga mos ravishda serqirra aloqalarni yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratadi.

“Dunyo” AA