
2026-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga sayyohlik maqsadlarida 7 million 749 ming 308 nafar xorij fuqarosi tashrif buyurdi.
Sayyohlar oqimi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 million kishiga yoki 22,6 foizga oshdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p sayyohlar qo‘shni davlatlardan kelgan. Xususan, Qirg‘izistondan - 2 million 177 ming 108 kishi, Qozog‘istondan - 1 million 855 ming 562, Tojikistondan - 1 million 728 ming 978 nafar fuqaro tashrif buyurgan.
Keyingi o‘rinlardan Rossiya - 710 ming 824 kishi, Afg‘oniston - 281 ming 200, Xitoy - 269 ming 735, Turkmaniston - 192 ming 830, Turkiya - 111 ming 908, Hindiston - 32 ming 462 va Janubiy Koreya - 26 ming 512 nafar fuqaro bilan joy olgan.
Birgina iyul oyida mamlakatimizga 1,18 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Shu bilan birga, sayyohlar oqimining o‘sishi yil davomida barqaror saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga 6,5 milliondan ortiq xorij fuqarosi tashrif buyurgan edi, bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan qariyb 25 foizga ko‘pdir.
Saqlanib qolayotgan ijobiy dinamika O‘zbekistonga sayyohlar oqimi yanada kengayayotganidan hamda mamlakatning mintaqadagi eng xaridorgir turistik yo‘nalishlardan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
“Dunyo” AA,
Toshkent sh.