Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston – TDT: kooperatsiya aloqalarining yangi ko‘lami



O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotidagi (TDT) ishtirokini savdo aloqalariga yangi sanoat mazmunini berish imkoniyati sifatida ko‘rmoqda. Gap turli mamlakatlar korxonalari tayyor mahsulot ishlab chiqarishda ishtirok etadigan va ushbu mahsulot bilan tashqi bozorlarga chiqadigan ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish haqida bormoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni” tashabbusining asosiy vazifalaridan biridir.

O‘zbekistonning TDTga a’zo davlatlar, shuningdek, Turkmaniston va Vengriya bilan savdo aylanmasi 2017-yildagi 4,13 milliard dollardan 2025-yilda 10,82 milliard dollarga yetdi. 2026-yil yanvar–iyul oylarida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,8 foizga oshdi. Hamkor davlatlarning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ishtiroki ham kengaymoqda. Avgust oyi boshidagi holatga ko‘ra, mamlakatda ularning kapitali ishtirokidagi 4 871 ta korxona faoliyat yuritgan.

Bunday aloqalar ko‘lami sharoitida savdo tarkibi tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. 2026-yilning yetti oyida O‘zbekistonning mazkur davlatlarga eksporti 2,29 milliard dollarni, importi esa 4,46 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport salohiyatini mustahkamlash yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishni talab qiladi. Sanoat kooperatsiyasi O‘zbekiston korxonalariga hamkor davlatlar bozoridagi talab bilan ishlash va tashkilot doirasidan tashqaridagi bozorlarga chiqish imkonini beradi.

Mazkur vazifa O‘zbekistonning TDTdagi kun tartibida bosqichma-bosqich markaziy o‘rin egalladi. Shavkat Mirziyoyev 2018-yilda turkiy davlatlar sammitida ishtirok etganidan so‘ng, 2019-yilda O‘zbekiston o‘sha paytdagi Turkiy kengashning to‘laqonli a’zosiga aylandi. 2022-yilda Samarqandda TDT sammitiga mezbonlik qilgan O‘zbekiston tashkilotga raislikni ham o‘z zimmasiga oldi. Sammitda davlat rahbari qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish va tayyor mahsulotlar bilan uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni taklif qildi. 2024-yilda Bishkekda bo‘lib o‘tgan sammitda esa u uzoq muddatli loyihalarning siyosiy asosini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tuzish tashabbusini ilgari surdi.

2025-yilda O‘zbekiston kompaniyalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator mexanizmlarni taklif etdi. Budapeshtdagi uchrashuvda Prezident “TURK-TRADE” savdo platformasini yaratish, sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish hamda yagona investitsiya portalini shakllantirishni taklif qildi. Ushbu takliflar biznes hamkorligini yo‘lga qo‘yishning izchil bosqichlarini – hamkorlarni izlash, investitsiya imkoniyatlarini namoyish etish va ishlab chiqarishlarni tashkil etishni qamrab oladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar turkiy davlatlarning Boku shahrida o‘tkazilgan savdo forumida ham rivojlandi. Unda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari tayyor trikotaj mahsulotlari va qurilish materiallarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar tuzdilar.

Takliflar bilan bir qatorda, amaliy qarorlar ham qabul qilindi. 2026-yil fevral oyida TDT davlatlarining iqtisodiyot va savdo vazirlari savdo sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolab, iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar va moliya yo‘nalishlaridagi hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ma’qulladilar. Shu yili Turkiy investitsiya jamg‘armasi ham o‘z faoliyatini boshladi. Iqtisodiy sheriklik kengashini tashkil etish masalasi esa hali davlatlar tomonidan kelishib olinishi lozim.

Hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama investitsiyaviy aloqalar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun allaqachon muayyan asos yaratgan. 2025-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi 4,29 milliard dollarni tashkil etdi. 2026-yilda umumiy qiymati 17,24 milliard dollarlik 280 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Yanvar–avgust oylarida ushbu loyihalar doirasida 3,84 milliard dollar mablag‘ amalda o‘zlashtirildi. Mazkur investitsiyalarning keyingi samarasi yaratilayotgan quvvatlarning ishga tushirilishi va mahsulot ishlab chiqarish hajmiga bog‘liq bo‘ladi.

Ikki tomonlama hamkorlikning misollaridan biri Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilmoqda. Bu yerda Ozarbayjonning “Matanat” kompaniyasi tomonidan gips mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasining birinchi bosqichi yakunlandi va gipsokarton ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha ikkinchi bosqich boshlandi. Shu tariqa, hamkor investitsiyalari O‘zbekiston hududida qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilmoqda.

Transport sohasida esa tashkilot miqyosida erishilgan amaliy natija mavjud. “E-permit” elektron ruxsatnomalar tizimi dastlab O‘zbekiston va Turkiyaning qo‘shma loyihasi sifatida boshlangan bo‘lsa, bugungi kunda O‘zbekiston va TDTning barcha davlatlari o‘rtasida amal qilmoqda. Bu tajriba dastlab ikki davlat o‘rtasida kelishilgan yechim umumiy tartib-taomilga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Transport aloqalarini yanada rivojlantirish tariflarni muvofiqlashtirish, bojxona jarayonlarini raqamlashtirish va logistika markazlari faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq. O‘zbekiston O‘rta koridorni qurilayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda istiqboldagi Transafg‘on yo‘nalishi bilan bog‘lash tarafdori.

Transport bog‘liqligini rivojlantirish bilan bir qatorda, raqamli kun tartibi ham shakllanmoqda. 2026-yilda Turkistonda bo‘lib o‘tgan sammitda Prezident hududiy ma’lumotlar markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari orqali bog‘laydigan «Raqamli turkiy koridor»ni ishlab chiqishni taklif qildi. Shuningdek, u Qozog‘iston bilan hamkorlikda shakllantirilayotgan venchur fondida hamkor davlatlarni ishtirok etishga taklif etdi. Mazkur tashabbuslar iqtisodiy o‘sishning navbatdagi manbai - bir nechta mamlakatlar bozorlarida faoliyat yurita oladigan texnologiyalar, innovatsion ishlanmalar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston uchun TDT doirasidagi hamkorlikning keyingi bosqichi iqtisodiy o‘sish sifatiga bog‘liq. Tovar ayirboshlash va investitsiyaviy aloqalar kooperatsiya ko‘lamini belgilaydi. Uning strategik samarasi esa O‘zbekiston korxonalarining tayyor mahsulot yaratishdagi o‘rni va ushbu mahsulot uchun bozorlarning qanchalik kengayishiga bog‘liq bo‘ladi. Mamlakatning sanoat, investitsiyalar, transport va texnologiyalar sohasidagi takliflari aynan shu vazifani hal etishga qaratilgan.