Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

JIDU vakillari Istanbulda Turkiy davlatlar tashkilotining yozgi maktabida ishtirok etdi


JIDU vakillari Istanbulda Turkiy davlatlar tashkilotining yozgi maktabida ishtirok etdi

TOSHKENT, 13-avgust. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 28-iyul – 8-avgust kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) vakillari Istanbul shahrida tashkil etilgan "Turkiy dunyo uchun yangi davr" xalqaro yozgi maktabida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir Ibn Xaldun universiteti (Turkiya) qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Yevroosiyo tadqiqotlari markazi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (O'zbekiston), ADA universiteti qoshidagi Rivojlanish va diplomatiya instituti (Ozarbayjon) va Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozog'iston-Turkiya universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

 

Yozgi maktabda AQSh, Germaniya, Angliya, Xitoy, Eron, Rossiya, Hindiston, Polsha, Pokiston, Bolgariya va Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo 20 ta davlatdan 60 dan ortiq ilmiy va akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.

 

Munozara panellari va sessiyalarda dunyoning yetakchi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari bilan bir qatorda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o'quv ishlari bo'yicha birinchi prorektori Akram Umarov, fan va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Gulnoza Ismoilova ma'ruza qildi.

 

Dasturda global va mintaqaviy xavfsizlik muammolari, logistika va transport yo'laklari muammolari, ta'lim va gumanitar hamkorlik masalalari, ekologik va iqlim muammolari ko'rib chiqildi. Zamonaviy turkiyzabon makonda o'ziga xoslik muammosi alohida qayd etildi. Shuningdek, tinglovchilar e'tibori globallashuv va o'zaro ta'sir sharoitida madaniy o'ziga xoslikni saqlash muhimligiga qaratildi.

 

Ishtirokchilarning aytishicha, xalqaro yozgi maktabning o'tkazilishi turkiy mamlakatlar o'rtasida va undan tashqarida ilmiy hamkorlik hamda bilim almashishni mustahkamlashda muhim qadam bo'ldi. O'quv kursi nafaqat asosiy global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratdi, balki turli masalalar bo'yicha xalqaro muloqotni rivojlantirishga ham hissa qo'shdi.